Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 24-ноябрь 2024, 15:26
 Bosh sahifa  Mobile versiya

eMaktab raqamli ta’lim platformasi: yangi o‘quv yilida qanday yangiliklar kutilmoqda?

2024-2025-o‘quv yili oldidan eMaktab platformasida qator yangiliklar hamda o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi pedagoglarning ishini soddalashtirish hamda tizimda shaffoflikni oshirishga qaratilgan.
Yangi o‘quv yilida eMaktab tizimida quyidagi yangiliklar kutilmoqda:
Jurnalda avtomatik baholash funksiyasi
Endi o‘qituvchilar  uy vazifasi hamda BSB va CHSB ni baholash uchun vaqt sarflashlari shart emas. O‘quvchilarning barchasi uy vazifasini bajarib bo‘lgach, “Jurnalga baho qo‘yish” tugmasini bosish orqali bir vaqtning o‘zida  tizimga baho qo‘yiladi. So‘ngra baholar avtomatik ravishda jurnalda paydo bo‘ladi.
“Uslubiy yordam” bo‘limi
Mazkur bo‘lim o‘qituvchilarni me’yoriy-huquqiy hujjatlar, yo‘riqnomalar, o‘quv materiallari, taqvim-mavzu rejalar bilan tanishtirish maqsadida yaratilgan. Joriy yilning 1-sentabr sanasidan boshlab ushbu bo‘lim barcha o‘qituvchilari uchun ochiladi, bu yerda materiallardan bepul foydalanish va ularni yuklab olish mumkin. Shu tariqa platformada pedagoglarning ishini soddalashtirish uchun zarur ma’lumotlarning yagona bazasi paydo bo‘ladi.
Onlayn test sinovlari
Test topshiriqlari formatidagi onlayn platforma ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga kirishga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida yaratilgan. Test topshiriqlari Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligining real savollariga asoslanadi. Mazkur platforma orqali o‘quvchilar o‘z bilimlarini sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Platformadagi savollar o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida joylashtirilgan.
Mezonlarga asoslangan baholash tizimi joriy qilingan maktablar uchun jurnalning yangilanishi
Yangilangan jurnallar 100 ballik tizimda baholashga moslashtirilgan bo‘lib, ularning tuzilmasiga BSB va ChSB uchun maxsus ustunlar qo‘shildi. Shuningdek, jurnallar yarim yillik asosda baholanadigan fanlar uchun choraklar shaklidan yarim yillik shaklga o‘tkazildi. Bunda yangi baholash tizimi joriy qilingan maktablar uchun tayyor kalendar-mavzu rejalar ham joylashtirilgan. Endi o‘qituvchi jurnaldan chiqmay turib, shuningdek, uy vazifalari mavzularini olmasdan, tayyor kalendar-mavzu rejalarini osongina tizimga import qilishi mumkin. Bu esa o‘qituvchilarning ishlarini yengillashtiradi.
eMaktab.Smart yangi interfeysi
Interfeysning yangilangan dizayni foydalanish uchun yanada qulayroq bo‘lib, mobil qurilmalarda ishlash uchun ham moslashtirilgan. 
eMaktab.Oila mobil ilovasida yangi imkoniyatlar
Endi “reyting” funksiyasi nafaqat o‘quvchining sinfdagi o‘rnini ko‘rsatadi, balki parallel sinflar o‘rtasidagi to‘liq raqobatni namoyish qiladi. Har bir fan bo‘yicha sinflar reytingi mavjud bo‘lib, unda o‘quvchilarning o‘zlashtirishiga qarab reyting shakllantiriladi.
Shaxsiy chat
Endi eMaktab.Oila mobil ilovasida chat funksiyasi paydo bo‘ldi. Foydalanuvchilarning so‘roviga muvofiq, yangi o‘quv yilidan e’tiboran platforma ichida muloqot qilish imkoniyati yaratildi. O‘qituvchilar va ota-onalar maktabga tegishli masalalarni boshqa messenjerlarda muhokama qilishlari muhim ma’lumotlarning yo‘qolishiga va shaxsiy ma’lumotlarning tarqalishiga olib kelishi mumkin. eMaktab tizimidagi chatlar maktabga oid barcha muloqot va muhokamalarni bitta ta’lim platformasida jamlash imkonini beradi.
Ota-onalar va o‘qituvchilar shaxsiy xabar yozishlari uchun raqamlarni qidirishlari shart emas: bunda bolaning chatdagi profili ustiga bosish va o‘quvchi vakillaridan qaysi biri bilan bog‘lanish kerakligini tanlash kifoya. Sinf rahbarlari uchun sinf chati ham allaqachon yaratilgan, fan o‘qituvchilari esa o‘z fanlari bo‘yicha muloqot qilishlari mumkin. Qolaversa, o‘qituvchilar shaxsiy xabarlarda va guruh chatlarida o‘zaro muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Chatlarda fayllarni jo‘natish mumkin, yangi xabarlar indikatori esa muhim ma’lumotni o‘tkazib yuborishga yo‘l qo‘ymaydi. Foydalanuvchilar chatlarda almashadigan barcha kontent himoyalangan.
Bu O‘zbekistonda EdTech texnologiyasini rivojlantirish, shuningdek, xavfsiz platformada o‘quv jarayoni ishtirokchilari o‘rtasida onlayn muloqot qilish yo‘nalishidagi muhim qadam hisoblanadi.