Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 25-ноябрь 2024, 12:15
 Bosh sahifa  Mobile versiya

Farzandini “lager”ga yuborayotgan ota-onalar uchun huquqiy eslatmalar

1. Oromgohlar qanday talablarga javob berishi kerak?
Oromgohlar sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlari, xavfsizlik talablariga to‘liq javob berishi shart.
Har bir oromgohda tibbiy punkt tashkil etilib, u tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan barcha dori-darmonlar va tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
2. Oromgohdagi guruhlar tarkibidagi bolalar soni qancha bo‘lishi kerak?
Oromgohda bolalarning yoshini hisobga olgan holda guruhlar tuziladi. Guruhlardagi bolalar soni 7 – 9 yoshdagi bolalar uchun 30 nafardan, 10 – 14 yoshdagi bolalar uchun 40 nafardan oshmasligi kerak.
3. Oromgohlar davomiyligi necha kun?
Oromgoh davomiyligi odatda uning egalari tomonidan belgilanadi. Bunda sog‘lomlashtirish muddatlari yozgi mavsumda 10 kundan, kuzgi, qishki va bahorgi mavsumda 7 kundan kam bo‘lmasligi lozim.
Mehnat va dam olish oromgohlarida har bir mavsum 12 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga belgilanadi.
4. Oromgoh uchun yo‘llanmalar pulida imtiyozlar bormi?
Bolalar oromgohlarga yo‘llanma asosida yuboriladi. Yo‘llanma oromgohlardan sotib olinadi.
Ota-onasi ishlayotgan bolalar kasaba uyushmalari tizimidagi oromgohlarga yuborilganda yo‘llanma narxining 55 foizi kasaba uyushmasi tomonidan to‘lab beriladi.
Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari xodimlari farzandlari uchun oromgohlarga yo‘llanma olganda yo‘llanma narxining 50 foizgacha qismi ish beruvchining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan berilishi mumkin.
5. Bola kasal bo‘lganda oromgohga qabul qilinadimi?
Oromgohlarda 5 kishilik tarkibda bolalarni qabul qilish va kuzatish komissiyasi tuziladi.
Bolalar yo‘llanma va bolaning sog‘lig‘i haqidagi tibbiy ma’lumotnoma (079/x-shakl) asosida oromgohga qabul qilinadi. Oromgohga bolalar oromgoh tibbiyot xodimlari ko‘rigidan o‘tkazilgan holda qabul qilinadi.
Tibbiy ko‘rik jarayonida bolada biror kasallik alomati aniqlansa, bola oromgohga qabul qilinmaydi va uning davolanishi uchun 3 kun muddat beriladi. Bola 3 kun ichida davolanib kelganda qabul qilinadi.
Davolanish 3 kundan ko‘p davom etsa, ota-onasining 10 kunda bergan murojaatiga asosan bolaga berilgan yo‘llanma qaytarib olinadi, yo‘llanma uchun to‘langan mablag‘ning 85 foizi qaytariladi.
6. Ovqatlar xavfsizligiga kim javobgar?
Oromgohlarda bolalarning yoshi va mavjud kasalliklarini e’tiborga olgan holda kun tartibi ishlab chiqilib ovqatlantirish tashkil etilishi va muntazam ravishda nazorat qilib borilishi shart.
Bolalar uzluksiz ravishda oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanishi, ularning sifati va belgilangan me’yorlarga mosligi doimiy ravishda nazorat qilib borilishi kerak.
Oshxona ishi ustidan doimiy nazorat olib borilib, taomnoma tuzishda shifokor ishtirok etishi kerak. Tayyor ovqatlar kaloriyasi tekshirib boriladi, tashqaridan keltirilgan oziq-ovqat mahsulotlari shifokor ruxsatisiz bolalarga berilmaydi.
Oromgoh ma’muriyati bevosita oziq-ovqat xavfsizligiga javobgar bo‘ladi.
7. Oromgohda bolalar kasal bo‘lib qolsa yoki shikastlansa, qanday choralar ko‘riladi?
Bolalar kasal bo‘lganida yoki ular yiqilib shikastlanganda bepul birinchi tibbiy yordam ko‘rsatiladi.
Bolalarning hayoti, sog‘lig‘i uchun tibbiyot xodimlari va oromgoh rahbariyati mas’ul hisoblanadi.
Bolalarning sog‘ligi muntazam ravishda kuzatib boriladi, ular shifokor tomonidan reja asosida tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilib boriladi.
Mavsumiy kasalliklar (o‘tkir ichak kasalliklari) ko‘payishi mumkin bo‘lgan oylarda tibbiyot xodimlari tomonidan kasallikning oldini olish va zarur bo‘lganda davolash ishlari tashkil etiladi.
Yuqumli kasalliklar aniqlanganda, bu haqda sog‘liqni saqlash muassasalariga va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining hududiy bo‘linmalariga ma’lum qilinadi va bemor bola bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi rahbari nazoratida shifoxonaga yotqiziladi.
8. Bolalar xavfsizligini ta’minlash uchun qanday choralar ko‘riladi?
Oromgohlarda tartibni saqlash va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha doimiy navbatchilik tashkil etiladi.
Bolalarning har qanday xavfsizligi  uchun oromgoh ma’muriyati mas’ul hisoblanadi.
Bolalar o‘zaro janjallashishi, bir-biriga nisbatan har qanday tazyiq o‘tkazishi mumkin emas, oromgohning ichki tartib-qoidalariga bu kabi qoidalar kiritiladi. Mazkur qoidalar barcha bolalar uchun majburiy bo‘lib, bolalar oromgohga kelgan dastlabki kunlarda bu qoidalar ularga tushuntiriladi.
Bolalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari hududiga begona kishilarning kirishi yoki u yerda yashashiga yo‘l qo‘yilmaydi.
9. Oromgohda bolalar to‘garakni o‘z xohishiga ko‘ra tanlashi mumkinmi?
Ha, bolalar oromgohda qiziqishiga ko‘ra to‘garak turini tanlash va unda bepul ta’lim olish huquqiga ega.
Bundan tashqari, bolalar quyidagi huquqlarga ega:
oromgohning ichki tartib-qoidalari bilan tanishish;
oromgohning tibbiy va qo‘shimcha ta’lim xizmatlaridan foydalanish;
oromgohning moddiy-texnika bazasidan samarali foydalanish;
oromgohdagi sharoit, ovqatlanish, tibbiy xizmat va o‘quv jarayoni masalalarida yuzaga kelgan muammolar bo‘yicha oromgoh rahbariyatiga murojaat qilish;
oromgoh faoliyatini takomillashtirishga oid takliflar berish.
10. Oromgoh muddati tugamasidan ota-onalar o‘z farzandini olib ketishi mumkinmi?
Ha mumkin, ota-onalar o‘z xohishiga ko‘ra bolalarni oromgohdan muddatidan oldin olib ketish huquqiga ega.
Shuningdek, ota-onalar oromgoh tomonidan bolalarga sifatli xizmat ko‘rsatilishini talab qilish, oromgohning ichki tartib-qoidalari, kun tartibi va taomnoma bilan tanishish huquqiga ega.