Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 25-ноябрь 2024, 12:15
 Bosh sahifa  Mobile versiya

Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Butunjahon ta‘lim forumi doirasida ta‘lim vazirliklari delegatsiyalari bilan uchrashdi

Londonda bo‘lib o‘tayotgan forumda vazir Hilola Umarova xususan, Hindiston Respublikasi Assam shtati federal taʼlim vaziri Doktor Ranoj bilan suhbat davomida Hindiston Respublikasi ingliz tili va informatika yo‘nalishlaridagi oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini O‘zbekistondagi umumiy o‘rta taʼlim muassasalariga “ustoz-shogird” modeli asosida amaliyotga va taʼlim jarayoniga jalb etish masalasi muhokama qilindi. Assam shtati federal taʼlim vaziri Doktor Ranoj ushbu masalada Britaniya Kengashining Hindiston vakolatxonasi bilan hamkorlikda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga amaliy yordam berishga roziligini bildirdi.
Shuningdek, Liviya mamlakati oliy taʼlim va ilmiy tadqiqot vaziri Doktor Omran Muhammad al Giyib tomonidan O‘zbekiston umumiy o‘rta taʼlim tizimida arab tilini xorijiy til sifatida o‘qitish yo‘nalishida hamkorlik, jumladan, Liviya tomonidan arab tilida dars beruvchi o‘qituvchilar uchun Liviya oliy taʼlim muassasalarida magistr va ilmiy tadqiqot (PhD) taʼlimi uchun taʼlim grantlari ajratilishi taklifi berildi.
Britaniya Kengashi Maktablar, kasbiy taʼlim va noanʼanaviy taʼlim bo‘yicha Global direktori Mark Gerbert bilan muzokara chog‘ida vazir Hilola Umarova O‘zbekistonda maktabgacha va maktab taʼlimidagi islohotlarning to‘rt asosiy yo‘nalishida Britaniya Kengashi bilan hamkorlik olib borilishini maʼlum qildi.
ETS xalqaro taʼlimda baholash tashkilotining Bosh direktori Amit Sevak bilan o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini baholovchi Praxis imtihonlarini O‘zbekiston taʼlim tizimiga adaptatsiya qilish, o‘qituvchi va maktab rahbarlari uchun malaka oshirish kurslari va ularning kasbiy baholash testlarni joriy qilish, ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul jarayonlarida talabgor o‘quvchilarning ingliz tilini bilish darajasini baholovchi TOEFL Junior testlaridan foydalanish istiqbollari muhokama qilindi.
ODILO onlayn taʼlim texnologiyalari tashkilotining global tijoriy vitse-prezidenti Skot Smit bilan o‘tgan uchrashuvda onlayn-taʼlim platformasi imkoniyatlaridan foydalangan holda maktabdan tashqari taʼlim yo‘nalishida o‘quvchilarning bilimini mustahkamlashning moslashtirilgan raqamli taʼlim tizimini joriy qilish, alohida taʼlim ehtiyojlariga ega o‘quvchilarni o‘qitishga moslashtirilgan kontentdan foydalanish istiqbollari bo‘yicha fikr bildirildi.
Muzokaralar so‘ngida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan ta‘lim vazirliklari delegatsiyalari bilan hamkorlikda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini loyihasi ishlab chiqilib, diplomatik kanallar orqali imzolashga kelishildi.