Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 25-ноябрь 2024, 12:15
 Bosh sahifa  Mobile versiya

Maktablarda til va kasb o‘rgatishni rivojlantirish choralari belgilandi


20-yanvar kuni maktablarda xorijiy tillar va kasb o‘rgatish tizimini rivojlantirish masalalari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqimizga Murojaatnomasida “ijtimoiy davlat” tamoyiliga alohida e’tibor qaratgan edi. Aynan aytganda, “Ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, demakdir”.
Bunga erishishning asosi, birinchi navbatda, ta’lim. Shu bois Murojaatnomada maktab o‘quvchilarini kamida ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatish ustuvor vazifa etib belgilangan edi.
So‘nggi yillarda ta’limga, o‘qituvchilarga e’tibor oshdi, oliy ta’limda qabul soni va yo‘nalishlar ko‘paydi. Lekin, maktablardagi sifat hali talab darajasiga chiqqani yo‘q. Masalan, 11 yil maktabda o‘qigan bola chet tilini mukammal bilmaydi. Sharoit va mutaxassislar yo‘qligi sababli yoshlarni kasblarga qiziqtirish muhiti shakllanmagan. Maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega bo‘lmasdan kirib kelmoqda.
Shu bois yig‘ilishda xorijiy tillarni o‘qitish sifatini oshirish va o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish masalalari muhokama qilindi.
– Maktabdan kasb va tilni bilib chiqqan bola jamiyatimizning katta yutug‘i, bilmagani muammo, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu tajribani joriy etish uchun har bir viloyatdan bittadan shahar va ikkitadan tuman tanlab olingan. Ulardagi 2 mingdan ortiq maktablarning sharoiti, pedagoglar malakasi, o‘quvchilarning kasb-hunar va xorijiy tillarga qiziqishi o‘rganilgan.
Endi tuman va mahallalarning xususiyatidan kelib chiqib, o‘quvchilar maktabning o‘zida 64 xil ishchi kasblarga o‘rgatilishi ko‘zda tutilmoqda.
Shu bois hokimliklarga ushbu tanlab olingan maktablarda kasb-hunar ustaxonalari tashkil etish, ularni jihozlash va zarur ashyolar bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Bunga yoshlar yetakchilari va tadbirkorlar ham jalb etiladi, Yoshlar jamg‘armasidan mablag‘lar yo‘naltiriladi.
– Hozir tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilarni shu masala qiynayapti: bo‘sh ish joyi ko‘p, oyligi ham yaxshi, lekin o‘quvi va ko‘nikmasi bor ishchi yo‘q. Agar bu tizim to‘g‘ri tashkil qilinsa, bizdagi demografik o‘sish bilan katta natijalarga erishsa bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Shuningdek, o‘quvchilarni axborot texnologiyalari va “kreativ industriya” bo‘yicha zamonaviy kasblarga o‘rgatish muhimligi ta’kidlandi.
Chet tillarini sifatli o‘rgatish uchun maktablarga “til egasi” bo‘lgan pedagoglar jalb qilish, Prezident maktablarining til o‘rgatish tajribasi, darslik va dasturlarini tatbiq etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilishda viloyat hokimlari tanlangan maktablar misolida xorijiy tillar va kasb o‘rgatishni rivojlantirishga oid rejalar yuzasidan axborot berdi.
Shuningdek, Prezident tarmoq va hududlar rahbarlariga qish mavsumida aholini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash borasida mas’uliyat va nazoratni kuchaytirishi lozimligini ko‘rsatib o‘tdi. Tadbirkor va korxonalar faoliyatidagi muammoli masalalarni hal qilishda ularga yaqindan ko‘maklashish, zarur hollarda moliyaviy resurslar ajratish, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining asossiz oshib ketishining oldini olish va bozorlarda taklifni ko‘paytirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.