Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 25-ноябрь 2024, 12:15
 Bosh sahifa  Mobile versiya

Joriy hafta Xalq ta’limi vazirligi tizimida “Dolzarb haftalik” deb e’lon qilindi


Bugun Xalq ta’limi vazirligining navbatdagi kengaytirilgan Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Hay’at a’zolari, jumladan, Vazirlar Mahkamasining kotibiyati mudiri Ma’rufjon Vaxobov, vazirlikning markaziy apparati mas’ul xodimlari, tizimga tegishli respublika tashkilotlari, hududiy xalq ta’limi boshqarma va bo‘limlar rahbarlari иштирок etdi.
Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov yig‘ilishni o‘z kirish so‘zi bilan boshlar ekan, kuni kecha Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida bildirilgan muhim fikr va keyingi yilda bajarilishi lozim bo‘lgan tizimga oid masalalar barcha mas’ullar zimasiga katta mas’uliyat yuklashini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Aytilganidek, nafaqat ta’lim yo‘nalishi, balki jamiyatning barcha  jabhalari rivoji uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiluvchi mazkur nutq davomida yoshlar masalasi, xususan, ularning sifatli bilim olishlari, zarur kasb-hunar egallashlari uchun qator jihatlar tilga olindi. Jumladan, 2023 yilga mamlakatimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deb nom berishning taklif etilgani, kelgusi yildan boshlab maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida butunlay isloh qilish boshlanishi aytib o‘tildi.
Vazir Murojaatnomada keltirilgan mazkur masalalarga birma-bir urg‘u berib o‘tar ekan, “Davlatimiz rahbarining nutqidagi har bir taklif va fikrlar ta’lim sifatini oshirish va uning istiqboldagi kelajagini belgilab beruvchi keng ko‘lamli dasturdir. Shu sababli endilikda sohadagi har bir mas’ul, har bir pedagog o‘z ishiga yanada fidoyilik bilan yondashishi, o‘quvchilarga sifatli ta’lim berish faoliyatining asosiy bo‘g‘ini ekanligini yurakdan his qilishi lozim”, — deya aytib o‘tdi.
Yig‘ilishda vazirning birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxodjayev энг katta investitsiya, avvalo ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratilishi lozimligi, shu maqsadda kelgusi yildan boshlab maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida butunlay isloh qilinishi borasidagi Prezidentimizning fikrlari bugungi kunning dolzarb masalasi ekanligini ta’kidladi.
Tanqidiy ruhda davom etgan yig‘ilishda joylarda yo‘l qo‘yilayotgan qator kamchilik va muammolarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, Prezident sovrini uchun joriy yilda o‘tkazilgan “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovi sovrindorlari uchun belgilangan mukofot pullarini to‘lashda ayrim hududlar, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Jizzax viloyatlarining qator tumanlarida muammolar yuzaga kelayotgani tanqid qilindi. Shuningdek, joriy yilning 16 dekabr kuni Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi hisobidan har oylik ustamaga da’vogar pedagoglarning saralash jarayonlarida yuzaga kelgan muammolar tilga olib o‘tildi.
Usmon Sharifxodjayev o‘qituvchilar maqomini oshirish va pedagoglarni o‘z vazifasiga aloqador bo‘lmagan turli ishlarga jalb etish, ular zimmasiga ortiqcha vazifalar yuklash masalalarini tahlil qilar ekan, bu borada vazirlik tomonidan keskin choralar ko‘rilayotganligini aytib o‘tdi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan vazir o‘rinbosarlari va mas’ul xodimlar ham tegishli yo‘nalishlar doirasida joylarda yo‘lga qo‘yilayotgan kamchiliklarga birma-bir to‘xtalib o‘tdi. Yoshlar ma’naviyati va tarbiyasini yaxshilash, umumta’lim muassasalarida qishgi mavsumni betalofat o‘tkazish, ularni zarur moddiy-texnik baza bilan ta’minlash, maktablar hududiga tegishli bo‘sh yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirish borasida yuzaga kelayotgan muammolar sanab o‘tildi.
Vazir mazkur masalalar bo‘yicha mas’ullarning axborotini tinglar ekan, keltirilgan muammolar bo‘yicha joylardagi mutasaddilarning fikr va mulohazalariga quloq tutdi. Kamchiliklarni tez fursatda bartaraf etish hamda zarur choralarni amalga oshirish bo‘yicha vazirlik va hududiy mas’ullarga muhim topshiriqlar berdi.
Hay’at yig‘ilishida ta’kidlanganidek, 2022 yilda fuqarolar murojaatlari soni o‘tgan yilga nisbatan 2000 taga камайган. Vazirlik “Call-markaz”lariga hozirga qadar 60000 ga yaqin мурожаатлар kelib tushgan hamda ularda keltirilgan masalalar tezkor o‘rganib chiqildi.
Vazir mazkur jihatlarga alohida e’tibor qaratar ekan, fuqarolar murojaatlarini hal etish hamda yuqorida keltirib o‘tilgan qator muammolarni bartaraf etish bo‘yicha mazkur haftani “Dolzarb haftalik” deb e’lon qilish, har bir tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limlari qoshida bir hafta muddatda “Call-markaz” tashkil etish topshirig‘ini berdi.
Shuningdek, qayd etilgan har bir masalani joyiga chiqqan holda o‘rganish va muammoni bartaraf etish, ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha mas’ullar oldiga aniq vazifalar qo‘yildi.
Yig‘ilish davomida yangi tayinlangan vazirlik markaziy apparati mas’ul rahbarlari hamda hududiy boshqarmalar boshliqlari jamoaga tanishtirib o‘tildi.


Халқ таълими вазирлигининг расмий сайтидан