Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 25-ноябрь 2024, 12:15
 Bosh sahifa  Mobile versiya

Xalq ta’limi vaziri Pokiston Islom Respublikasi Federal ta’lim va kasbiy tayyorgarlik vaziri bilan uchrashdi

Bugun Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov hamda Pokiston Islom Respublikasi Federal ta’lim va kasbiy tayyorgarlik vaziri Rana Tanvir Husayn ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda mamlakatlar ta’lim tizimini rivojlantirishning hamkorlikdagi aloqalari va kelgusi istiqbol rejalari xususida atroflicha fikr yuritildi.
Vazir o‘z so‘zi davomida so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ta’lim islohotlari, xususan, umumta’lim maktablari o‘quvchilarining sifatli tahsil olishlari uchun yaratib berilayotgan sharoitlar hamda jarayonlarning boshqa muhim nuqtalariga to‘xtalib o‘tdi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Prezidentining tegishli farmoyishiga asosan, Xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha Milliy kengash tashkil etilgan bo‘lib, unga bevosita Davlat rahbarining o‘zi boshchilik qilib kelmoqda. Bu esa mamlakatdagi o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishlarini ta’minlash va bu boradagi mavjud muammolarni tezkor hal etishda katta imkoniyat yaratib bermoqda.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Pokiston munosabatlari, davlatlarning ta’lim yo‘nalishdagi hamkorlik aloqalari haqida so‘z borar ekan, so‘nggi yillarda ikki mamlakat yetakchilarining turli xalqaro doiradagi uchrashuvlari, xususan, joriy yilning 15-16 sentabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitidagi o‘zaro muloqot tadbirlari katta ahamiyat kasb etganligi qayd etib o‘tildi.
Vazir Rana Tanvir Husayn O‘zbekiston rahbari tashabbusi bilan mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar va ta’lim rivoji yo‘lida qabul qilinayotgan qator huquqiy hujjatlar bugungi kunda katta samara berayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi. Bunda O‘zbekiston va Pokiston munosabatlari va hamkorlik aloqalarining ham o‘rni katta ekanligini qayd etildi.
Uchrashuv so‘nggida mamlakatlar o‘rtasidagi ta’lim sohasida olib borilayotgan do‘stona hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, ikki davlat ta’lim dargohlari, o‘qituvchilarni qayta tayyorlash masalalari bo‘yicha tajriba almashish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirib o‘tildi.
Xalq ta’limi vaziri 2023 yilning mart va iyun oylarida O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro kimyo olimpiadasi hamda Al Xorazmiy nomidagi yosh matematiklar xalqaro olimpiadasida ishtirok etish uchun pokistonlik o‘quvchilarni taklif etdi.
O‘zaro samimiy va do‘stona ruhda kechgan uchrashuv davomida ishtirokchilar tomonidan ilgari surilgan takliflarni kelgusida amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro kelishib olindi.