Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 25-ноябрь 2024, 12:15
 Bosh sahifa  Mobile versiya

Maktablarda ma’naviy-ma’rifiy hamda tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish konsepsiyasi tasdiqlandi

Yurtimiz umumta’lim maktablarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli tashkil etish, yoshlarning intellektual salohiyati va dunyoqarashini yuksaltirish, ularda vatanparvarlik va sadoqat tuyg‘ularini shakllantirish maqsadida so‘nggi yillarda qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 3 oktabrdagi 558-son qarori asosida tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy hamda tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish konsepsiyasi”da bu borada muhim vazifalar belgilangan.
Darhaqiqat, bugungi kunda maktab o‘quvchilarining kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, yosh avlod ongida ma’naviy immunitetni mustahkamlash maqsadida buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rgatib borish, zamonaviy bilim va tajriba, milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida tarbiyalash, bunda maktab, mahalla va oila hamkorligini yanada mustahkamlash hayotiy zaruratga aylanib bormoqda. Mazkur Konsepsiyada ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda xalq ta’limi tizimida “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan ezgu g‘oya asosida ta’lim-tarbiyaga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish, o‘quvchilarning bilimi va iqtidori, ijodkorlik qobiliyatini rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu ma’noda Konsepsiyaning asosiy maqsadi etib o‘quvchilarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, yuksak axloqiy fazilatlar ruhida tarbiyalash belgilanganligi ham juda muhimdir. Konsepsiyaga ko‘ra, maktablarda “O‘zbekiston — Vatanim manim” mavzusida ijodiy ishlar tanlovi, “Davlat ramzlari — faxrim, g‘ururim”, “Davlat tili — millat ruhi” g‘oyasi asosida turkum ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-badiiy tadbirlar tashkil qilinadi.
Maktablardagi mavjud holatni o‘rganish va tahlil qilish mezonlari asosida aniqlangan “qizil” toifadagi maktablarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish maqsadida idoralararo hamda keng jamoatchilik hamkorligi tashkil etiladi. Shuningdek, “sariq” toifadagi maktablarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, “yashil” toifadagi maktablar tajribasini keng targ‘ib qilish va ommalashtirish choralari ko‘riladi. O‘quvchilarda kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish maqsadida “oddiydan murakkabga” tamoyili asosida o‘quvchilarning badiiy asarlarni tanlash va sinchiklab o‘qish malakasini hosil qilish bo‘yicha uslubiy tavsiyalar ishlab chiqiladi.
O‘quvchilarning kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida xalq ta’limi vazirining “Kitobxon o‘quvchi” tanlovini tashkil etiladi, “Maktab kutubxonasi”, “Jahon bolalar adabiyoti durdonalari” ruknida yuz jildlik kitoblar to‘plamining nashrini yo‘lga qo‘yiladi. Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg‘oniy, Umar Hayyom, Mirzo Ulug‘bek, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy, Abu Abdullo Rudakiy, Abulqosim Firdavsiy, Hofiz Sheroziy, Nizomiy Ganjaviy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy kabi ko‘plab buyuk allomalarimizning jahonshumul ilmiy-ijodiy kashfiyotlari o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilinadi.
“Zamonamiz qahramonlari” ruknida turkum risolalar, animatsion, hujjatli va badiiy filmlar, roliklar yaratilib, ta’lim-tarbiya jarayoniga joriy etiladi. Maktab kutubxonalari O‘zbekiston Qahramonlari, ilm-fan, madaniyat, adabiyot va san’at namoyandalarining ibratli faoliyati yoritilgan adabiyotlar bilan boyitiladi.
Konsepsiyada maktab, mahalla va oila hamkorligini mustahkamlash, keng jamoatchilik va ota-onalarning farzand tarbiyasiga e’tiborini oshirish maktablardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekanligi alohida qayd etib o‘tilgan.
Shu maqsadda mahallalardagi yoshlar yetakchilari tomonidan o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzandlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, o‘quvchilarni mahallalarda tashkil etiladigan xalq sayillari, umumxalq bayramlari, o‘yinlar va sport musobaqalariga keng jalb qilish bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirilishi belgilangan.
Bir so‘z bilan aytganda,  мазкур Konsepsiyada belgilangan ustuvor vazifalar “Yangi O‘zbekistonning yangi maktabi” g‘oyasi asosida mamlakatimizda maktab ta’limini umummilliy harakatga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni mazmunan yangi bosqichga ko‘tarishda muhim rol o‘ynaydi.