Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 24-ноябрь 2024, 15:26
 Bosh sahifa  Mobile versiya

Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktablar Prezident sovrini bilan mukofotlanadi


Qaror bilan Prezident sovrini uchun “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Nizomga ko‘ra, Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab tanlovi har yili ingliz, nemis, frantsuz tillari (xorijiy tillar) o‘qitiladigan maktablar o‘rtasida o‘tkaziladi. Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan maktab har yili 20 sentyabrgacha Xalq ta'limi vazirligi axborot tizimida maktab terma jamoasini ro‘yxatdan o‘tkazadi. Shunga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tgan maktab har yili 20 oktyabrgacha axborot tizimiga xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha belgilangan asosiy ko‘rsatkichlarini kiritadi. Tanlovda har bir maktabdan bitta til bo‘yicha bitta terma jamoa ishtirok etishi mumkin. Terma jamoa 7-9-sinflarda o‘qiydigan 5 nafar o‘quvchidan tashkil topadi. 
Tanlov 3 bosqichda quyidagi muddatlarda o‘tkaziladi: 
1-bosqich (tuman bosqichi) – har yili fevral oyida. Bunda ishtirokchilarning xorijiy tillarni bilish darajasi test topshiriqlari vositasida sinovdan o‘tkaziladi.
2-bosqich (viloyat bosqichi) – har yili aprel oyida. Ushbu bosqichda ishtirokchilarning tinglab tushunish (listening), yozish (writing), o‘qish (reading) va leksik-grammatik ko‘nikmalari baholanadi.
3-bosqich (respublika bosqichi) – har yili avgust oyida. Mazkur bosqichda ishtirokchilarning tinglab tushunish (listening), yozish (writing), gapirish (speaking) va o‘qish (reading) ko‘nikmalari chet tilini bilishning xalqaro sertifikatsiyalangan standartlari asosida sinovdan o‘tkaziladi hamda tegishli til ona tili sifatida foydalaniladigan mamlakatlar haqidagi bilimi tekshiriladi.
Respublika bosqichida 1-o‘rinni ko‘lga kiritgan maktab Prezident sovrini sohibi sifatida e'lon qilinadi.
Tanlov g‘oliblari quyidagi miqdorlarda Prezident sovrini bilan mukofotlanadi:
Tuman (shahar) bosqichida:
1-o‘rin – 100 million so‘m;
2-o‘rin – 75 million so‘m;
3-o‘rin – 50 million so‘m.

Viloyat bosqichida:
1-o‘rin – 250 million so‘m;
2-o‘rin – 200 million so‘m;
3-o‘rin – 150 million so‘m.

Respublika bosqichida:
1-o‘rin – 500 million so‘m; 
2-o‘rin – 400 million so‘m; 
3-o‘rin – 300 million so‘m.